Hayvonlar to’qimalarida 40 ga yaqin mineral elementlar uchraydi, hozircha ularning 15 tasining zarurligi isbotlangan; yana zarur ftor, brom, bariy va stronsiy hisoblanadi.
Mineral moddalarning tanadagi miqdoriga qarab ikki guruhga bo’linadi:
Makroelementlar-kalsiy, fosfor, natriy, xlor, magniy va oltingugurt;
Mikroelementlar-temir, rux, mis, marganes, yod, kobalt, molibden va selen.
Ba’zi elementlarning me’yordan oshiq bo’lishi, ayniqsa kalsiy va molibden boshqa elementlarni o’zlashtirishga salbiy ta’sir ko’rsatsa, ularning yetishmasligi fiziologik jarayonlarning kechishini susaytiradi. Organizmda D vitamin sintezi alohida o’rin tutadi, chunki u mineral moddalar almashinuvini boshqaradi. Mineral moddalar almashinuvi ratsionda energiya, protein va vitaminlar yetarli bo’lgandagina me’yorda kechadi.
Ratsion to’yimli moddalarini to’liq o’zlashtirilishi va hayvon sog’ligini saqlash uchun nafaqat mineral moddalarning yetarli bo’lishi, balki ishqorli va kislotali elementlar nisbati ham muhim o’rin tutadi. Mineral moddalar tarkibida kislotali va ishqorli elementlardan tashqari hayvonlarning oziqlanishida organik kislotalarga bog’liq bo’lgan faol kislotalik (ph) ko’rsatkichi muhim ahamiyatga ega.
Makroelementlar – hayvon me’yorda yashashi uchun zarur mineral moddalar, ular mikroelementlarga qaraganda ko’proq talab etiladi.
Kalsiy. Barcha mineral moddalarga nisbatan hayvon tanasida ko’proq uchraydi; 99% kalsiy skelet va tishda bo’ladi; suyak kuli 38% kalsiy, 17% fosfor va 1% magniydan iborat. Suyak tarkibi bir xil bo’lmay organizmga mineral moddalar tushishi va vitamin D ga bog’liq.
Yosh organizmda kalsiy, fosfor yoki vitamin D yetishmasa suyaklashish yaxshi kechmaydi, raxit ro’y beradi; suyaklar qiyshayadi, bo’g’inlar yiriklashadi; voyaga yetgan hayvonlarda suyaklar yumshoqlashadi – osteomolyasiya hodisasi bo’ladi. Ko’pincha mineral moddalar almashinuvining buzilishi sersut sigirlarda uchraydi; oxirgi dum umurtqalari yumshaydi yoki butunlay yo’qolib ketadi, tishlari qimirlab qoladi.
Sersut sigirlar paraqalqon bezi faoliyati buzilishi u ishlab chiqaradigan gormonlar suyakdan kalsiy va fosforning chiqishini kuchaytiradi va tuqqandan tug’ish parezi kasalligiga duchor bo’ladi; qonda kalsiy keskin kamayib ketadi, sigir qaltiraydi, ba’zan xushi ketib, shol bo’lib qoladi.
Mineral moddalar almashinuvining buzilishi tovuqlar suyagi va tumshug’ining yumshashi, oyoqlar qiyshayishi, tuxum po’stlog’ining yupqalashishi va tuxum mahsuldorligi pasayishiga sabab bo’ladi.
Kalsiy manbai bo’lib, ko’k o’tlar, ayniqsa dukkakli o’tlar va suyakka boy hayvonot oziqalari–baliq, suyak, go’sht-suyak uni, va sut hisoblanadi.
Amalda qishloq xo’jalik hayvonlariga mineral oziqa qo’shimchasi sifatida bo’r, maydalangan oxaktosh, dikalsiyfosfat beriladi.