Oziqalar olinish manbai, tarkibi va to’yimliligi bilan farqlanadi.
Energetik to’yimliligi bo’yicha hajmli (1 kg 0,6 oziqada oz. birligidan kam) va konsentrat oziqalarga (1 kg oziqada 0,6 oz. birligidan ko‘p) bo‘linadi.
Olinish manbaiga qarab o‘simlik, hayvonot, mineral, mikrob va kimyoviy sintez bo’lgan oziqalarga bo‘linadi.
O‘simlik oziqalariga hamma turdagi ko‘k oziqalar va ulardan konservatsiyalash natijasida tayyorlangan (pichan, silos, senaj, o‘t talqoni va maydalangan pichan); dehqonchilik (somon, poxol, mardak); ildiz va tuganak mevalar va sabzavot chiqindilari; oziqa polizi; don va yog’li ekinlar urug‘i; un, yog‘, konserva, pivo, spirt, qand sanoati chiqindilari.
Hayvonot dunyosi oziqalariga sut va sut mahsulotlari, go’sht va baliq sanoati chiqindilari, parrandachilik va inkubator, pillachilik va charm sanoati chiqindilari.
Turli sanoat tarmoqlari chorvachilik uchun mineral oziqalar, oziqa achitqilari, vitaminli preparatlar, azotli birikmalar, antibiotiklar, fermentlar, gormonlar va davolash dorilari ishlab chiqaradi.
Omixta yem sanoati o’simlik, hayvonot, mikrob, kimyo sanoati mahsulotlari asosida parranda va cho‘chqalar uchun to‘la qiymatli omixta yemlar ishlab chiqaradi. Bundan tashqari omixta yem sanoati oziqa qo’shimchalari va oqsil-vitaminli yoki oqsil-vitamin-mineralli qo’shimchalar ishlab chiqaradi.
Qishloq xo‘jalik hayvonlarini oziqlantirish turli xil oziqalardan foydalanib amalga oshiriladi. Ular o’zlarining kelib chiqishi va tarkibiga qarab quyidagi guruhlarga bo‘linadi.
1. Shirali oziqalar.
2. Dag’al oziqalar.
3. Don oziqalar.
4. Sanoat chiqindilari (kraxmal, un, spirt, yog’ sanoati).
5. Oziq-ovqat chiqindilari.
6. Havonot dunyosidan olingan oziqalar.
7. Proteinli va boshqa qo’shimchalar.
8. Vitaminli va dori qo’shimchalar.
9. Mineral oziqalar.
10. Omixta yemlar.
Shirali oziqalar –o’z tarkibida suv ko’p bo’lib, hayvonlar tomonidan suyib iste’mol qilinadi va yaxshi hazm bo’ladi, chunki hujayralarda to’yimli moddalar erigan holda bo’ladi. Shirali oziqalarga ko’k oziqalar, silos, senaj, ildiz va tuganak mevalar, hamda xashaki poliz kiradi.
Ko‘k oziqalar boshoqli va dukkakli bo’lib yaylovlarda yoki sug’oriladigan maydonlarda yetishtiriladi. Ulardan bahordan boshlab kech kuzgacha, ba‘zan konveyer tashkil qilganda yil bo’yi foydalanish mumkin. Ko’k oziqalar ayniqsa, protein, minerallar va vitaminlarga boy bo’ladi.
Silos makkajo’xori, kungaboqar va jo’xorilardan konservatsiyalash natijasida olingan oziqa bo’lib, kavsh qaytaruvchilar va boshqa hayvonlar tomonidan suyib iste’mol qilinadi. Bostirishda massa namligi 65-70% tashkil qiladi.
Silos
Senaj dukkakli o’tlardan namligi 45-55% bo’lganda xandaklarga bosib tayyorlanadigan oziqa.
Senaj
Ildiz mevalarga sabzi, lavlagi kirib ular tarkibida suv va uglevodlar ko’pligi bilan ajralib turadi. Qizil sabzida esa karotin ko‘p.
Lavlagi
Tuganak mevalarga kartoshka va yer noki (topinambur) kirib, ular kraxmalga boy.
Topinambur
Xashaki polizga tarvuz va qovoq kiradi, ular tarkibida 90-95% suv bo’lib, yengil hazm bo’luvchi uglevodlar mavjud. Sigirlarning sut mahsuldorligiga ijobiy ta’sir etadi.
Tarvuz
Dag‘al oziqalarga pichan, somon, poxol, qurigan poya kiradi. Pichan o’z tarkibida faqat 15% namlik saqlab ancha to’yimli. Pichanlar boshoqli va dukkakli o’simliklardan tayyorlanadi. Olinishiga qarab tabiiy va ekilgan o’tlardan olinganlariga bo’linadi.
Somon boshoqli o’simliklar doni yanchib olinganidan keyingi chiqindi hisoblanadi. Uning to’yimlilik darajasi past, asosan kavsh qaytaruvchilar va otlar iste’mol qiladi. Poxol sholi yanchib olingandan keyin olingan chiqindi bo’lib, oziqa qiymati past, ko’pincha to’shama sifatida foydalaniladi, kavsh qaytaruvchilar ratsionida ko’p bo’lmagan nisbatda foydalanish mumkin.
Beda pichan
Don oziqalar. Bu oziqalar hajmi kam bo’lib, to’yimliligi yuqoriligi bilan ajralib turadi. Donlarning kimyoviy tarkibiga qarab uglevodlarga boy – boshoqli donlar, proteinga boy dukkakli donlar va protein hamda yog’ga boy moyli ekinlarning urug’iga bo’linadi. Shu bois har bir qishloq xo’jalik hayvoni va parrandasining biologik va fiziologik xususiyatlariga qarab u yoki bu dondan foydalanish maqsadga muvofiq.
Yog’li ekinlar urug’idan yog’ olingandan keyin ularning kunjara va shrotlari foydalaniladi. Donlarning sifati va to’yimliligi ko’p omillarga bog’liq. Donlarni baholashda tabiiylik, hidi, yaltiroqligi, ta’mi, namligi, tozaligi, nordoligi, zararkunandalar bilan ifloslanganligi inobatga olinadi.
Boshoqli donlar. Barcha hayvonlar uchun oziqa sifatida foydalaniladi. Uning tarkibi va to’yimliligi 1-jadvalda keltirilgan. Boshoqli donlarda protein o’rtacha 10-14% ni tashkil qiladi. Protein 85-90% oqsillar va qolgan qismi azotsiz asparagin va erkin aminokislotalardan iborat. Boshoqli donlar ichida makkajo‘xori donida protein, ayniqsa lizin, triptofan va glitsin kabi aminokislotalari kam uchraydi.
Yog‘ ushbu donlarda 2-5% tashkil etadi, ular minol va olein yog‘ kislotalaridan iborat trigliseridlar holida uchraydi.
1-jadval.
Boshoqli donlarning kimyoviy tarkibi va to‘yimliligi.
Qobiq bilan o’ralgan (suli, arpa) boshoqli donlarda kletchatka ko’proq bo’ladi. Boshoqli donlarda kul 1,5-5% ni tashkil etib, kaliy va fosfat tuzlari ko’proq, kalsiy juda kam bo’ladi. Ayniqsa boshoqli donlarda karotin kam, (1 kg 5 mg), asosan sariq makkajo’xorida bo’ladi.
Dukkakli donlar. Bu guruhga barcha dukkakli oziqa donlar kiradi. Bizda asosan bu maqsadda soya doni ishlatiladi. Barcha dukkakli donlar proteinga boy bo’lib, (22,2-34,5) soyadan tashqari donlar yog’ga kambag’al bo’ladi, soyada yog’ 17,4% ni tashkil qiladi.
Dukkakli donlar proteini boshoqli donlar proteiniga nisbatan qiyinroq hazm bo’ladi va ulardan oziqa hazm qilish tizimida ko’proq gazlar hosil bo’ladi. Dukkakli donlar yog’i tarkibida holesterin va letisin ko’proq uchraydi. Ushbu donlarda boshoqli donlarga nisbatan mikroelementlar (kobalt, yod, molibden, rux) ko’proq, marganes kamroq uchraydi.
Soya
Sanoat chiqindilari. Asosiy mahsulot bilan ko’pgina sanoat korxonalarida chiqindilar chiqadi, ular turli qishloq xo’jalik hayvonlari uchun oziqa sifatida foydalaniladi.
Un, spirt va yog’ korxonalari chiqindilari chorva hayvonlari uchun qimmatli oziqalar hisoblanadi. Qoramollar va cho’chqalar uchun qand, pivo va kraxmal olishda chiqadigan chiqindilar yaxshi oziqa bo’lib hisoblanadi. Non, meva va sabzavotni qayta ishlash, vino, konditer korxonalari chiqindilari ham chorvachilikda foydalaniladi.
Un sanoati chiqindisi kepak hisoblanib, u olingan doniga bog’liq. Oziqa sifatida bug’doy va javdar kepaklari yuqori baholanadi. Un naviga qarab 28% gacha kepak chiqadi. Kepak fosfor elementi va B guruh vitaminlarga boy. Kepakni hamma qishloq xo’jalik hayvonlariga berish mumkin. Shuningdek un sanoati changi ham oziqa sifatida foydalaniladi.
Kepak
Yog‘ sanoati chiqindilari. Bu tarmoq chorvachilik uchun oqsilga boy kunjara, shrot va fosfatid-oqsilli yemlar chiqaradi. Urug’lar va donlar sheluxasi va po’sti oziqa nuqtai-nazaridan pastroq baholanadi.
Mamlakatimizda asosiy o’simlik moyi paxta chigitidan va kam miqdorda soya donidan olinadi. Chigitdan kunjara, shrot (texnologiyaga bog’liq, kunjara presslashdan, shrot bug’-issiqlik yordamida chiqqan chiqindi) va sheluxa olinadi. Kunjara va shrot oqsiliga, shulxa esa kletchatkaga boy. Kunjarada 4-10%, shrotda 1-3% yog’ bo’ladi. Turli xom ashyodan olingan kunjara va shrotlar tarkibi va to’yimliligi bilan farq qiladi.
Soya shroti to’yimliligi (1,35 oz. birligi) va proteinning yuqoriligi (40,0%) bilan ajralib turadi, ko’rsatkichlar paxta shroti 1,11 va 38,3%ni tashkil etadi. Soya shroti barcha qishloq xo’jalik hayvonlari va parrandalariga yedirilishi mumkin, paxta shroti esa kavsh qaytaruvchilarga ko’proq, cho’chqalar va parrandalarga chegaralangan holda yediriladi.
Kunjara va shrotlar protein – o’rni almashmaydigan aminokislotalar manbai hisoblanadi. Ayniqsa soya shrotida lizin ko’p bo’lib parrandalarni oziqlantirishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Kunjara va shrotlarda kaliy va fosfor ko’p bo’lib, kalsiy kam bo’ladi, ular tarkibida B guruh va E vitaminlari bo’ladi. Kunjara va shrotlar asosan omixta yem sanoatida ishlatiladi. Paxta shroti va kunjarasi tarkibida zaharli modda gossipol bor, qoramollar uchun 0,03-0,05%, cho’chqalar uchun 0,02% zaharli hisoblanadi.
Kunjarada gossipol 0,03-0,3%, shrotda esa 0,02-0,5% bo’lishi mumkin. Shu boisdan kunjara va shrotlarni yosh hayvonlarga kamroq berib, sigirlar ratsioniga to’yimliligi bo’yicha 20%, yosh qoramollar burdoqilanganda 10% qo’yish mumkin.
Soya kunjarasi
Fosfatid yem. Yog’li donlaridan yog’ olinganda hosil bo’ladi. Kungaboqar va soya fosfatidlari tarkibida 39-42% yog’ va 56-58% fosfalipidlar bo’ladi. Fosfolipidlarda fosfor 2,1-2,2% ni tashkil qiladi. Chigitdan yog’ olishda sheluxa chiqindi bo’lib chiqadi, uning to’yimliligi1kg da 0,13 oziqa birligi, 27 g hazmlanuvchi protein va 50% kletchatkadan iborat. Qoramollarni va qo’ylarni burdoqilashda keng ishlatiladi.
Kraxmal sanoati chiqindilari. Kraxmal asosan, kartoshkadan, ba’zan bug’doy, guruch va makkajo’xoridan olinadi. Kartoshkadan kraxmal olinganda undan tuppa chiqadi, uni xo’l, siloslangan va quruq holda hayvonlarga yedirilsa bo’ladi.
1 kg kartoshka tuppasida 0,11 oziqa birligi, 1 g hazmlanuvchi protein, 0,2 g kalsiy va 0,5 fosfor bor. Bunday chiqindilar qoramollar uchun yaxshi oziqa bo’lib, sigirlarga 15-20 kg, burdoqilarga 30-40 kg yedirish mumkin.
Spirt sanoati chiqindilari. Builarga turli bardalar, uzum va meva tuppalari kiradi. Barda turli donlar, kartoshka, qand lavlagisidan spirt olganda chiqadi. Barda tarkibida 88-95% namlik bo’ladi, uni qoramollar, otlar va qo’ylarga berish mumkin. Sigirlarga 20-25, burdoqilarga 70-80, qo’ylarga 8-10, otlarga 10-15 litr ichirish mumkin.
Pivo sanoati chiqindilari. Pivo ishlab chiqarishda pivo bardasi va achitqilari olinadi. Pivo bardasi 75-80% namlikka ega bo’lib, arpaga nisbatan protein miqdori ko’p bo’ladi.
1 kg pivo bardasiga 0,21 oz. birligi, 42 g hazmlanuvchi protein, 0,9 g kalsiy va 1,8 g fosfor mavjud. Pivo bardasini sog’in sigirlarga 10-15, yosh qoramollarga 8-12, 1 yoshgacha qoramollarga 4-5 va voyaga yetgan cho’chqalarga 4-5 kg yedirish mumkin. Ayniqsa bu oziqa qoramollarni burdoqilashda keng qo’llanilishi mumkin.
Quruq barda
Qand sanoatini chiqindilari. Bularga lavlagi tuppasi (jom) va shinnisi (patoka) kiradi. Tuppa yangi yoki siloslangan holda mollarga yediriladi. Tuppa 93% suvdan, quruq moddalari asosan oson hazm bo’luvchi uglevodlardan tashkil topgan. 1 kg yangi tuppada 0,08 oz. birligi, 6-8 g hazmlanuvchi protein mavjud.
Yirik qand zavodlari presslangan va quruq tuppa chiqaradi. Lavlagi tuppasidan sog’in sigirlarga 30-40 kg (ratsion tenglashtiriladi), burdoqiga boqiladigan qoramollarga 40-50 kg beriladi. Shinni (patoka) 20% suv, 9% protein, 60% AEM va 10% kuldan iborat. 1 kg shinnida 0,87 oz. birligi, 40 g hazmlanuvchi protein, 2,9 g kalsiy, 0,2 gr fosfor va 530 g qand saqlanadi.
Oziq-ovqat chiqindilari. Chorvachilik uchun qo’shimcha oziqa manbai bo’lib, ular umumiy ovqatlanish shahobchalari va yashash joylardan olinadi. Shaharlarda kishi boshiga bir yilda 35-40 kg oziq-ovqat chiqindilari tashkil etadi. Ular sabzavot, meva, baliq va go’sht chiqindilari hamda ovqat qoldiqlari bo’lishi mumkin. Ularni yig’ish veterinariya qonunchiligi asosida amalga oshiriladi va hayvonlarga yediriladi. Ularni to’yimliligini oshirish va zararsizlantirish maqsadida issiqliq ishlovi beriladi, iloji boricha bunday ishlov bosim ostida o’tkazilsa yana ham samarali bo’ladi.
Oziq-ovqat chiqindilari cho’chqalar uchun arzon oziqa bo’lib hisoblanadi. Oziq-ovqat chiqindilari qayta ishlab berilgandan keyin hayvon organizmi tomonidan 87-90% hazmlanadi. Taxminan cho’chqalar ratsionining 50% oziq-ovqat chiqindilaridan iborat bo’lishi mumkin.