Oziqalar deb, o’simlik, hayvon, mikrob kelib chiqishiga mansub, tarkibida o’zlashtirib olish mumkin to’yimli moddalar bo’lgan, hayvon salomatligi va mahsuldorligiga zararli ta’sir ko’rsatmaydigan mahsulotlarga aytiladi. Tanada oziqalar hazm bo’lishi natijasida ulardan to’yimli moddalar olinib hayvon hayotini saqlab turish, to’qimalar, a’zolar hosil bo’lishi, modda almashinuvi va mahsulot ishlab chiqarishga sarflanadi.
Oziqalarning tarkibiga va to’yimliligidan qat’iy nazar ularning ishaha bilan yeyilishi, tayyorlash va saqlash usullari, hamda yedirishdan oldin tayyorlashga qulayligi uning texnologik xususiyatlariga kiradi.
Oziqalarning tarkibi va to’yimliligiga ta’sir qiluvchi omillar.
Oziqalarning tarkibi va to’yimliligiga qator omillar ta’sir etadi, iqlim sharoiti, tuproq, o’simliklarning yetilish bosqichi (vegetatsiya fazasi), o’g’itlar, o’simliklarning turi va navi, agrotexnika, tayyorlash usullari, saqlash sharoitlari shular jumlasidan.
Iqlim sharoiti. Turli hududlarda harorat, namlik, yil fasllari bo’yicha, vegetatsiya davrining davomiyligi, quyosh nuri tuproq eritmalari bilan fotosintez jarayoni kechib hosildorlik, hamda organik va mineral moddalarni to’planishini ta’minlaydi.
Tog’ va tog’oldi hududlarida namlikning ko’p bo’lishi oziqalar tarkibida namlikni yuqori bo’lishiga sabab bo’lsa, shimol hududlarda vegetatsiya davrining qisqa bo’lishi to’yimli moddalarni to’planib ulgurmasligi natijasida ularning to’yimliligi past bo’ladi.
Tuproq. Unumdor tuproqlarda o’simliklar hosildorligi va to’yimliligi yuqori bo’ladi, chunki to’yimli moddalar shakllanishi uchun zarur eritmalar tuproqda mavjud bo’ladi. Tuproqda u yoki bu elementning yetishmasligi oziqa shu element kamchiligiga sabab bo’ladi. Shu boisdan mamlakatimizda tuproq biogeoximik xaritasi tuzilib, shu asosida kerakli o’g’itlar solinadi.
Manba: uzgeolcom.uz
O’g‘it. Mahalliy va mineral o’g’itlar solish bilan xashakli ekinlar hosildorligi va tarkibiga ta’sir qilish mumkin, ayniqsa bu hol oziqalar mineral to’yimliligiga ijobiy ta’sir etadi.
Azotli o’g’itlar hosildorlik bilan xom protein nisbatini o’simliklarda oshiradi. Azotli o’g’itlarni haddan ko’p ishlatish o’simliklar tarkibida azotsiz moddalarning ko’payishiga sabab bo’ladi.
Azotli o’g’itlar solishda uning me’yorda bo’lishiga erishish kerak, aks holda oziqalarda nitratlar ko’payishi hayvon organizmiga salbiy ta’sir o’tkazadi. Boshoqli ekinlarda azot o’g’itlaridan me’yordan ko’p foydalanish qand miqdorini kamaytirib yuboradi.
Azotli o'g'it
Oziqalarning mineral tarkibidagi tuproqdagi elementlar yig’indisiga bog’liq. Turli o’g’itlar solish yaylov o’tlarida mikroelementlar nisbatiga ta’sir qiladi, o’t quruq moddasida kaliy va fosforning ko’payishi, kalsiy va magniy kamayishiga sabab bo’ladi.
Tuproqda qaysi mineral modda yetishmasa ushanga mos o’g’itlar solish, ushbu kamchilikga barham beradi. Tuproqda yetarli miqdorda azot bo’lishi ko’k oziqalarda karotinning ko’payishiga sabab bo’ladi.
O’simliklarnining turi va navi ularning hosildorligi va to’yimliligi o’z aksini topadi. Dukkakli donlarga nisbatan protein va kalsiyga boy. Turli nav makkajo’xori doni tarkibi bilan farq qiladi. Qand lavlagisida 21-24%, nimqand lavlagida 16-18%, oziqa lavlagisida atigi 10-14% quruq modda bo’ladi.
Agrotexnika to’yimli moddalar miqdori va o’simlik hosildorligiga sezilarli ta’sir ko’rsatadi. O’simlik vegetatsiyasining kerakli davrlarida zarur agrotexnika tadbirlarini o’tkazish (sug’orish, yumshatish, o’g’itlash) o’simliklarda ko’proq to’yimli moddalarni to’planishini ta’minlaydi.
Oziqalar tarkibida pestisidlarni me’yordan ko’payib ketishi hayvonlarni zaharlashi mumkin.
O’simliklar vegetatsiya bosqichlari ularning tarkibi va to’yimliligiga katta ta’sir qiladi. O’simliklar vegetatsiyasining dastlabki bosqichlarida uninig tarkibidagi suv, protein va AEM (Azotsiz Ekstraktiv Moddalar) ko’proq bo’ladi, kletchatka kamroq bo’ladi, bunday oziqa quruq moddasi oson hazm bo’ladi. Vegetatsiyaning keyingi bosqichlarida kletchatkaning ko’payishi oziqani dag’allashtiradi va hazm bo’lishini qiyinlashtiradi. Boshoqli o’simliklarni-boshoqlash, dukkaklilarni g’unchalash va gullash boshlanishida o’rish maqsadga muvofiq, bu muddatlarni oldinga yoki keyinga surish hosildorlikni yoki oziqalar to’yimliligini pasayishiga olib keladi.
Tayyorlash usuli. Har bir o’simlik o’zining biologik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, iloji boricha me’yoriy muddatlarda, kam jarohatlarsiz yig’ishtirib olishni talab qiladi. Turli usullarda pichan tayyorlash uning to’yimliligiga turlicha ta’sir ko’rsatadi.
AEModdalarining bir qismi siloslash, senaj bostirish yoki texnik chiqindilarni quritishda yo’qolishi mumkin.
Oziqalarni saqlash. G’aramning noto’g’ri shakli, o’lchamlari, usti yopilmasligi pichan sifatiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Silos yoki senaj bosishda me’yorlarni buzish oziqa sifatini buzilishiga olib keladi. Lavlagini muzlatib qo’yish uning to’yimli moddalarning parchalanishiga olib keladi.
Oziqalarni saqlashda namlik me’yorlariga e’tibor berish kerak, u pichanda 15-17%, donlar va kepakda 12-14% , kunjara va shrotda 10-12%, o’t talqonida 9-12% ni tashkil etishi lozim.
Birgini dag’al oziqalarni maydalab tuz, yem va ildizmevalar bilan qo’shib yedirish oziqalarning barcha xususiyatlarini yaxshilaydi. Nordon oziqalarni ishqor – ammiak, ohak, natriy bikorbonat bilan ishlab berish yaxshi natijalar beradi.
Dag‘al oziqalarni (somon, poxol, quruq poya) ohak yoki ammiak eritmasi bilan ishlab yedirish, ularning hazmlanishi va o’zlashtirilishini ancha yaxshilaydi. Parranda donlar qancha maydalansa shuncha yomon hazm bo’ladi; o’t talqonini esa iloji boricha maydalab berish kerak. Ba’zi oziqalarga issiqlik ishlovi berish ijobiy ta’siri bilan ba’zan salbiy ya’ni uning tarkibidagi oqsillar, B va C vitaminlarini parchalanishiga olib keladi.