Marganes. Ushbu element suyak, buyrak, jigar, oshqozon osti bezi va gipofizda to’planadi. Organizmda oqsil, yog’, uglevodlar almashinuvida qatnashuvchi fermentlarni faollashtiradi.
Hayvon va parrandalar me’yorda oziqlantirilganda uning yetishmovchiligi sezilmaydi. Uning yetishmasligi natijasida buzoqlar yomon o’sadi, tuyoqlari qiyshaib ketadi, keyinchalik pushtdorligi pasayib, bola tashlashi mumkin.
Marganes elementi yetishmasligi jo’jalarda perozis-suyaklarning noto’g’ri shakllanish kasalligiga sabab bo’ladi. Marganes kepakda ko’p uchraydi, kunjara va shrotda o’rtacha, makkajo’xori doni va hayvonot oziqalarida kam uchraydi. Marganesning me’yordan ko’p bo’lishi zaharlanishlarga olib kelmaydi.
Perozis
Rux. Organizmning barcha to’qimalarida uchraydi, ayniqsa suyakda ko’p bo’ladi, shuningdek u teri, junda ko’proq va asosiy mikroelementlar zaxira joyi jigarda kamroq uchraydi. Rux qondan karbonat angidrid gazi chiqarishda ishtirok etuvchi karboangidraza fermenti tarkibiga kiradi, shuningdek, karboksipeptidaza va degidrogeniza fermentlarini ham sintezida qatnashadi. Hayvonlar yaylovlarda saqlanganda rux yetishmasligi sezilmaydi. Cho’chqa bolalari faqat donlar bilan oziqlanganda rux yetishmasligi natijasida parakeratoz kasalligi ro’y beradi. Cho’chqa bolalari o’sishdan qoladi, terilari qichiydi, teri ko’chadi; shu oziqalarni ho’llab berish kasallikni oldini oladi; ushbu kasallikni oldini olish uchun cho’chqalar ratsioniga 1 kg oziqaga 40-100mg karbonat yoki sulfat tuzlaridan qo’shib berish kifoya.
Jo’jalarda ham rux yetishmasligi o’sishdan qolish, parlarining yaxshi rivojlanmasligi, suyaklanishini sekin kechishi, teri zaharlanishida namoyon bo’ladi.
Barcha qishloq xo’jalik hayvonlarining 1 kg oziqasida 40-60 mg rux bo’lsa, ularning talabi to’liq qondiriladi, uning me’yordan ko’p bo’lishi ishtahasini susaytiradi va mis almashinuviga salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Parakeratoz
Molibden. Bu element hayvonlar va mikroorganizmlar hayotida muhim ahamiyatga ega bo’lib, turli hayot uchun zarur fermentlar tarkibiga turadi. Qishloq xo’jalik hayvonlari me’yorda oziqlantirilganda talablar to’liq qondiriladi, hayvonlarni yaylovlarda boqish molibden me’yordan yuqori bo’lishiga sabab bo’ladi va zaharli ta’sir etadi. 1 kg oziqada 3-10 mg molibden bo’lishi hayvonlar salomatligi uchun zararli hisoblanadi. Molibden yetishmagan hayvonlar juni tushib, tuyoqlari shakli buziladi.
Selen. Uning zaharli bo’lgani uchun hayvonlarga nazorat qilib beriladi. Uning 1 kg oziqa tarkibida 5 mg yoki 1 kg sutda 0,5 mg bo’lishi hayvonlar uchun xavfli bo’lishi mumkin.
Selenning qoramollarda 1 kg tirik vazniga 10-11mg, otlarda- 3-4 mg, cho’chqalarda-13-18 mg to’g’ri kelishi ularning o’limiga sabab bo’lishi mumkin.
Ftor. Ushbu element asosan tishni emal qavatida bo’lib, uni yemirilishdan (kariyes) saqlaydi. Qishloq xo’jaligida ftorning o’simlik va hayvonlar uchun zarariga e’tibor beriladi. Agarda hayvon oziqalarning 1 kg da 20 mg dan ftor ortib ketsa, hayvonlarning ishtahasi yo’qolib, ozib ketadi; yosh hayvonlar o’sishdan qolsa, sigirlarni sut mahsuldorligi pasayib ketadi; bu hol surunkali davom etsa suyak va tishlarda tarkibiy o’zgarishlar harakatsiz bo’lib, buyrak, jigar, buyrak usti bezi, urug’don va qalqonsimon bez salbiy o’zgarishlarga uchraydi. Agarda tuproqda 0,5 % suvning 1 litrida 0,5 mg dan ko’p bo’lsa, ushbu element bo’yicha endemik holat bo’ladi. Bunga misol bo’lib Surxandaryo viloyatining shimoliy tumanlarida, Tojikiston allyuminiy zavodi chiqindilari tarkibidagi ftor bilan qishloq xo’jalik hayvonlarini zaharlanishini keltirish mumkin. Ushbu hududda hayvonlar ozib, mahsuldorligi pasayib, ko’payish qobiliyati susayib, bola tashlab, tishlari tushib ketishini ko’rsatish mumkin. (A.Raxmonov, 2005yil)
Hayvonlar zaharlanishining asosiy manbai sanoat chiqindilari hisoblanadi.