Kaliy, natriy, xlor. Bu elementlar hayvon tanasida suyuqliklarda va yumshoq to’qimalarda uchraydi; ular hujayralarda osmatik bosimni saqlab turadi, qon va limfa faoliyatini boshqarish, hamda tanada suv almashinuvida qatnashadi.
Kaliy hujayra protoplazmasida bikorbonat, fosfat yoki xlorid tuzlari holida bo’ladi. Uning yetishmasligi o’sishni kechiktiradi, ishtaha yo’qoladi; hayvonlar tez ko’zg’aluvchan bo’lib, yurak faoliyati buziladi, qon bosimi pasayadi, jigar, buyrak faoliyati susayib, otalanish yomon kechadi.
Amalda hayvonlar oziqalar hisobiga kaliy bilan to’liq ta’minlanadi, u ko’k o’t, ildizmevalarda ko’p bo’ladi. Ortiqcha kaliy osongina siydik bilan chiqib ketadi.
Natriy – qon va limfada kislotalarni neytrallovchi asosiy vosita-kation hisoblanadi; kavsh qaytaruvchilarda natriy bikorbonat so’lakning tarkibiy qismi hisoblanadi. Kavsh qaytaruvchilarda old oshqozonda ximus kislotaligini (pH 6,5-7) bir maromda saqlab turadi; natriy xlorid tanada osmatik bosimni ushlab turadi, kraxmalni parchalovchi amilaza fermenti faoliyatining kuchaytiradi, ichaklarda glyukoza shimilishini kuchaytiradi, oshqozonda xlorid kislotasi hosil bo’lishi uchun manba hisoblanadi.
Natriyning yetishmasligi organizmda fiziologik jarayonlarining buzilishiga olib kelib, hayvon sog’ligi yomonlashib, mahsuldorligi pasayadi. Natriy oziqalar tarkibida qariyib uchramaydi, shuning uchun oziqa qo’shimchasi sifatida osh tuzi yoki natriy biokorbonat tuzi beriladi.
Chorva tuzi.
Xlor ham oziqalar tarkibida kam uchraydi; faqatgina sho’rroq yerlarda o’sgan o’tlarda uchraydi. Hayvon organizmida oshqozon shirasi, qon, limfa, teri va teri osti kletchatkasida uchraydi. Hayvonlarga osh tuzi sifatida beriladi.
Magniy. U kalsiy va fosfor almashinuvida ishtirok etadi; 70% magniy skeletda, qolganlari tana yumshoq to’qimalari va suyuqliklarida uchraydi. Suyakda kalsiy ko’p, muskul va terida magniy ko’p.
Magniy yetishmasligi natijasida tetaniya ro’y beradi, uning sababi qonda magniy miqdorining pasayib ketishi bo’ladi, sigirlar asabiy bo’ladi, qaltiraydi, yuz muskullari tortishadi, turtinib yuradi va tutqanoq tutadi.
Tetaniya.
Magniy manbai bo’lib kepak, quruq achitqi, kunjara va shrot, hamda dukkakli o’tlar. Sog’in sigirlarga tetaniyaning oldini olish uchun kuniga 50g magneziya tuzi berish kifoya.
Oltingugurt. Tanada aminokislotalar bilan bog’langan holda uchraydi; to’qima oqsillari va jun tarkibiga kiradi, shu bois jun tarkibida 4% gacha oltingugurt bo’ladi. U biotin va tiamin vitamini va insulin gormoni tarkibiga kiradi.
Hayvon ratsioni proteinlar bilan me’yorda ta‘minlanganda, oltingugurtga ehtiyoj sezilmaydi, u yetishmasa hayvonlarga kam miqdorda natriy yoki ammoniy sulfat tuzlaridan qo’shimcha berish mumkin.